Ozodlikka Toshkent hukumati mulozimi tomonidan yuborilgan qaror “Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish¸ ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi.
216-sonli bu qarorga 2020 yil 14 aprel kuni Bosh vazir Abdulla Aripov imzo chekkan.
Adliya vazirligining Telegram kanali shunday qaror qabul qilingani haqida o‘sha kuni xabar bergan¸ lex.uz sayti esa qaror matnini bir muddat e’lon ham qilgan edi. Ammo ko‘p o‘tmay¸ qarorning to‘liq matni jamoatchilik uchun ochiq manbadan olib tashlandi.
Olti sahifalik qaror prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kungi videoselektorda bergan topshiriqlarni amalga oshirishni qonuniylashtirishga qaratilgan.
Qaror mazmunidan¸ uning koronavirus pandemiyasi ortidan boshlanishi kutilayotgan oziq-ovqat taqchilligi va ehtimoliy ochlikning oldini olish¸ hamda pandemiya davridagi keskin cheklovlar ortidan keskin kuchaygan kambag‘allikni jilovlash ehtiyoji turtkisida tug‘ilgani tushuniladi.
Qarorning umum mazmunidan xabar topgan oddiy dehqon va fermerlar Ozodlik bilan suhbatda¸ uni yana bir mantiqsiz ma’muriyatchilik namunasi¸ aholi tomorqalarini ham de fakto hokimlar va ularga aloqador MChJ va klasterlar tasarrufiga o‘tkazish urinishi sifatida baholadi.
Bosh vazir qarorida nima deyilgan?
Bosh vazirning olti betlik qaroriga ko‘ra¸ mahalliy hokimliklar har bir mahallaga o‘z hududida joylashgan aholi tomorqa yerlariga aynan nimani ekish va undan qancha mahsulot olishni belgilab beradi. Hujjatda iddao qilingan maqsad - dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlaridan yiliga kamida ikki marta¸ ikki baravar ko‘p hosil olishni ta’minlash.
Bu jarayonda¸ qarorga ko‘ra¸ nomi oddiy aholiga yaxshi tanish bo‘lmagan “Tomorqa xizmati” MChJlari “aholiga moddiy texnik resurslar¸ birinchi navbatda¸ urug‘lik¸ yoqilg‘i moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlar yetkazib beradi.
Hokimliklar¸ suv ta’minoti og‘ir aholi punktlarida sug‘orish quduqlari qazib beradi.
Fermerlar kengashi¸ Mahalla vazirligi¸ IIV va Soliq qo‘mitasi xodimlaridan tuzilgan ishchi guruhlar aholi tomorqalariga ekin ekishni tashkillashtiradi.
Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlari hokimliklar qarori bilan meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalarga “ixtiyoriy asosda” biriktiriladi.
Klasterlar aholi bilan uning tomorqasiga nima ekish¸ qanday parvarishlash¸ mahsulotni saralash¸ qayta ishlash¸ saqlash va eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzadi.
Tomorqa yerlariga ekiladigan urug‘lik¸ ko‘chat¸ mineral o‘g‘it va boshqa moddiy texnik resurlarni ham klasterlar yetkazib beradi (qarorning teparog‘ida ayni ish “Tomorqa xizmati” MChJlariga berilgan -tahr.).
Klasterlar tomorqa yerlariga agronom-mutaxassislarni jalb qiladi¸ tomorqa egalari malakasini oshirib boradi.
Klaster bergan urug‘ni u aytgan vaqtda¸ u bergan resurs bilan¸ u aytgan shaklda yetishtirgan dehqon va tomorqa egasi¸ hosil mavsumida shartnomada ko‘rsatilgan hajmdagi mahsulotni kelishilgan sifatda klasterga topshiradi.
Bu jarayonda klasterlarga xorij moliya tizimlari¸ qolaversa davlat jamg‘armalari hisobidan milliardlab so‘m mablag‘ va qator imtiyozlar beriladi¸ “Tomorqa xizmati” MChJsining o‘ziga 100 milliard so‘m tegadi.
Bosh vazir qarorida tegishli davlat idoralariga o‘z yeriga hokimlik va klaster belgilagan ekinni aytilgan vaqtda ekmagan dehqon va tomorqa egalarini jazolashga huquqiy asos beruvchi qonun loyihasini tayyorlash uchun bir haftalik muhlat bergan.
Bu loyiha¸ yeriga qaramagan dehqon va tomorqa egasini ma’muriy javobgarlikka tortish¸ profilaktika inspektorlari va mahalla raislariga yeriga qaramaganlarga ma’muriy jarima solish vakolatini berish va mahalla raisiga yer uchastkasidan foydalanmaganlarga oshirilgan stavkadagi yer solig‘i qo‘llash haqida soliq inspeksiyasiga taqdimnoma kiritish vakolatini berishni ko‘zda tutishi lozimligi aytilgan.
Qaror ijrosi ustidan nazorat¸ uning muallifi deb ko‘rilayotgan O‘zbekiston Bosh vazirining agrar va oziq ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga topshirilgan.
Qaror jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda
Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan 216-sonli qaror matni to‘lig‘icha jamoatchilikka taqdim etilmagan bo‘lsada¸ uning Adliya vazirligi ochiqlagan asoiy jihatlari ijtimoiy tarmoqlarda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Bu munozarada qatnashgan deputat va siyosiy partiya vakillari¸ uni iqtisodni ma’muriy buyruqbozlik bilan boshqarish siyosatining navbatdagi mahsuli sifatida baholadi.
“Tomorqadan foydalanish avvalo, manfaatdorlik, tomorqa madaniyati va amaliyotini oshirish hamda bozor mexanizmlari asosida shakllanadi. Tomorqachilikni ma’muriy jazo va qo‘rqitish yo‘li bilan zinhor rivojlantirib bo‘lmaydi”¸ deb yozdi o‘z Telegram kanalida O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili Nuriddin Murodov.
Yillardan beri tomorqasiga ekin ekib kelayotganini ta’kidlagan taniqli deputat Rasul Kusherboyev esa aholini o‘z tomorqasiga ekin ekmaslikka majburlaydigan sabablarni tahlil qiladi.
Aholini tomorqasidan unumli foydalanishga rag‘batlantiradigan sharoit va bozor mexanizmlari yo‘q bo‘lgan bir vaziyatda¸ unga ma’muriy bosim o‘tkazish va odamlarni yerini tashlab qo‘yganlik uchun jazolash¸ deputat fikricha¸ adolatdan emas.
Dehqonlarning o‘zi nima deydi?
Ozodlik O‘ktam Barnoyev shiddat bilan ijrosiga kirishgan Bosh vazirning 216-sonli qarori haqida O‘zbekistonning turli viloyatlarida yashovchi dehqon va tomorqa egalari bilan suhbatlashdi.
Qashqadaryolik 63 yashar dehqon Abdurahmon Jo‘rayev¸ bu qarorni “xalq ustidan kulish” deb baholaydi.
- Suv bo‘lsa¸ odamlar o‘zi o‘tirgan yerga bir narsa ekadida¸ suv bo‘lmasa nima eksin. Bular hozir o‘zini ishlagandek¸ xalqni esa¸ boshida kaltak ushlamasa¸ ishlamaydigan yalqovdek qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti. Bularga qolsa¸ xalq bilimsiz¸ chalasavod¸ ishyoqmas¸ tekintomoq¸ faqat bular ishlaydi. Suv doim bo‘lib tursa¸ xalq hech qachon bir qarich yerini ham bekor qo‘ymaydi. Lekin may oyidan suv yopiladi. Shu bilan paxtani yig‘ib olguncha aholiga suv berilmaydi. Aholi tomorqasiga osilish birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Mustaqillikdan beri har yili shu ahvol. Hokimiyat bilan prokuratura o‘zini gruppasini tuzvolgan¸ o‘qituvchi bechorani majburlab uyma-uy yugurtiradi yana. Bugun ikkitasi qo‘lida qog‘oz-qalam bilan keldi. Nevaram tengi bolalar¸ menga nimani qachon ekib¸ qachon sug‘orishni o‘rgatadimi? Tepadagilar soxta hujjat qilib¸ biz falon joyga falon narsa ektirdik¸ biz bo‘lmasak¸ shu ekinlar ekilmasdi¸ deb hisob berishi kerakda! O‘zi qishloq aholisiga ish yo‘q¸ Rossiyaga ketganiyam¸ koronavirusdan keyin qaytib keldi. Ishongani bir qarich yeri¸ shungayam ega chiqyapti bular.
Samarqandlik dehqon Zafar Xandamov esa¸ Bosh vazir qarori bilan aholining o‘z yeriga nima ekish erki ham butunlay tortib olinayotganini ta’kidlaydi.
- Odamlar tomorqa yeriga ehtiyojidan kelib chiqib ekin ekadi. Masalan¸ bitta-ikkita qoramolingiz bo‘lsa¸ tomorqaga yem-xashak uchun makka yo beda ekishingiz kerak. Bo‘lmasa molingiz och qoladi. Faqat bu yil emas¸ o‘tgan yillarda ham mahalla raisi¸ hokimiyatlar kelib¸ buningni buzib¸ odam yeydigan narsa ek¸ deb turib olgan vaqtlar bo‘lgan. Masalan¸ odamlarning unib chiqqan narsalarini buzdirib¸ majburlab pomidor ektirishti. Urug‘i chatoq chiqib¸ hosil bo‘lmadi. Bu yil bunaqa majburlashni kuchaytiradigan bo‘lsa¸ hamma ham agronom emas¸ ektirilgan narsasi yo chiqmay¸ yo hosil bermay¸ ham aholi¸ ham mollar och qoladiku!
Farg‘onalik Bahodir Eliboyev hukumat qarori mamlakatdagi kambag‘allar sonini qisqartirdik¸ degan soxta hisobotni tayyorlashga asos bo‘lishini taxmin qiladi.
- Kambag‘allikka qarshi kurash tashabbusi ilgari surilyapti. Bularning maqsadi¸ mani nazarimda¸ mana shu hovlidan olinadigan daromadni yillik qancha bo‘lishini hisoblab turib¸ jon boshiga¸ ya’ni oila a’zolari soniga bo‘lib¸ bir oyda shuncha daromad oldi bu oila¸ demak bu oila kambag‘al emas ekan¸ degan bir xulosaga kelish bo‘lsa kerak. Chunki qarorning o‘zi mantiqsizda! O‘zbek xalqi o‘z yeriga daraxt ekib¸ sabzavot ekib¸ yoki gul ekib¸ uddasidan chiqsa¸ uni sotib kelgan xalq. Buning uchun qaror chiqarib¸ uning ijrosiga shuncha pul sarflashning keragi yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda¸ davlat jamg‘armasidan milliardlab so‘mlik grant va turli imtiyozlar berilayotgan “Tomorqa xizmati” MChJsining hokimiyat egalarining o‘ziga qarashli ekani haqida ham fikrlar bildirilmoqda.
Ozodlik ulkan imtiyozlar bilan yangi tashkil etilgan bu tarmoqning asl egalariga oid aniq ma’lumotga hozircha ega emas.
Ayni shuningdek¸ paxtachilik va bug‘doychilik sohasida aksar fermerlarni xonavayron qilgani aytilgan klaster tizimining endi aholi tomorqalariga biriktirilishi ham¸ O‘zbekiston qishloq xo‘jalik tizimini ichdan bilganlar ta’kidicha¸ “yaxshilik alomati emas”.
“Fermerlarga paxta pulini ikki yildan buyon to‘lay olmagan klaster aholining tomorqasidan olgan mahsulotiga pulini to‘laydimi?”¸ deydi klaster tufayli kasodga uchragan oqqo‘rg‘onlik fermerlardan biri.
- Ikki yildan beri topshirgan paxtangizning pulini bermay qochib yurganlarni nima deysiz? Men klasterlarni moshennik deyman. Bularga mutlaq ishonmayman. Endi bechora dehqon yoki tomorqachini klaster changaliga topshirish¸ borib turgan noinsoflik bo‘ladi. Fermerning qancha mashaqqat bilan yetishtirgan paxtasiga pul bermagan¸ sodda xalqqa pul berarmidi?
O‘zA agentligi 2019 yil may oyida keltirgan rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ O‘zbekistonda 4 mln 579 ming 100 aholi xonadoni mavjud bo‘lib, ular ixtiyorida 434,8 ming gektar tomorqa yer maydoni mavjud. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 445 ming gektarni tashkil etgan.