Madaniyat vazirligi Samarqandda buzilgan tarixiy bino yuzasidan keskin bayonot berdi. Toshkent shahri IIBB hijobli ayollar nima uchun avtobusga chiqarilganiga izoh berdi. Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov badiiy asarlar uchun beriladigan qalam haqi aytishga o‘ta kamligini tanqid qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Sharof Boshbekov: “Charxpalak” uchun qorovul maoshidan ham kam gonorar berishgan
Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov badiiy asarlar uchun beriladigan qalam haqi aytishga o‘ta kamligini tanqid qildi (“Hurriyat” gazetasi, 23 - sentabr).
“2011 - yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida o‘n yillik mehnatim samarasi bo‘lgan oltita kinossenariydan iborat “Musofir bo‘lmaguncha” nomli kitobim nashr etildi (13 bosma toboq). Qalam haqi esa... aytishga uyaladi odam... qo‘limga tekkani – 470 ming so‘m”,- deydi adib.
Sh.Boshbekov ssenariysi asosida suratgan olingan “Charxpalak” seriali o‘z davrida ko‘p sonli muxlislarga manzur bo‘lgan edi. Muallifga ko‘ra, ushbu asari uchun u qorovul maoshidan ham kamroq rag‘bat ko‘rgan.
“O‘zbekistonni ulkan qimorxonaga aylantirib yuborgan telekanallarda qimorga tikilayotgan 40-50 million so‘mlar, mashinalaru ikki xonali kvartiralar oldida ijodkorning topgani “sdacha” – qaytimga o‘xshaydi! “Charxpalak”ni yozishga to‘rt yil umrimni sarfladim (orada insult ham bo‘lib oldim). “O‘zbektelefilm” suratga olish uchun sotib oldi. Olgan qalam haqimni erinmay cho‘tlab chiqdim, oyma-oyiga hisoblaganda bitta maktab qorovuli maoshidan ham kam bo‘larkan!” - degan u.
Sh.Boshbekov yozuvchi Abdulla Qahhor “Ayajonlarim” pyesasi uchun to‘langan qalam haqiga bitta “Pobeda” rusumli mashina olganini yodga olgan.
“Ilgari (sovet davrida) qalam haqining ko‘pligidan, odamlarning hasadini keltirmaslik uchun bu haqda og‘iz ochmasdim. Bugunga kelib, qalam haqining ozligidan, odamlarning rahmini keltirmaslik uchun jim yuribman”,- deya achchiq mutoyiba qilgan yozuvchi.
Madaniyat vazirligi Samarqandda buzilgan tarixiy bino yuzasidan keskin bayonot berdi
Madaniyat vazirligi Samarqand shahri hokimligidan Amir Temur ko‘chasida joylashgan 14-uyning buzilishi bo‘yicha tushuntirish talab qildi (www.qalampir.uz, 21 - sentabr).
Davlat va YuNESKO himoyasida bo‘lgan arxitektura yodgorligi buzib tashlangani haqida xabar ijtimoiy tarmoqda e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.
Qayd etilishicha, madaniyat vazirligi mazkur obyektning buzilishi haqida avvaldan xabardor qilinmagan. Tarixiy obyektning buzilishi Samarqand shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, bunga aloqador shaxslar qonunda belgilangan tartibda jazolanishi shart.
Bayonotda Samarqand viloyati va shahri hokimligiga YuNESKO qo‘ygan barcha talablarga qat’iy amal qilish lozimligi eslatilgan.
Ayni choqda, vazirlik prokuraturadan 1990-2000 - yillarda tarixiy obyektlar qaysi sabablarga binoan ro‘yxatdan chiqarilgani masalasi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni so‘ragan.
Hozirga qadar Bosh prokuratura tomonidan Madaniy meros departamentining barcha viloyatdagi inspeksiyalari, shu jumladan, Samarqand viloyat madaniy meros boshqarmasining faoliyati o‘rganilgan va madaniy meros saqlanishiga doir bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan.
Avvalroq Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli yangi barpo etilgan o‘quv binosi oldidagi sobiq qahvaxona binosi buzila boshlangani haqida xabar berilgan edi. Shahar hokimligi bino shaharsozlik talabiga javob bermasligini vaj qilib ko‘rsatgan.
IIBB: Hijobli ayollarga qarshi reyd o‘tkazilgani yo‘q
Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining G‘uncha ko‘chasida hijobli ayollar ushlanib, avtobusga olib chiqilayotgani, ularga nisbatan reyd bo‘layotgani haqida videomurojaat tarqaldi (www.sof.uz, 23 - sentabr).
Unda ichki ishlar organlari va milliy gvardiya xodimlari yo‘lda o‘tayotgan hijobli ayollarni yig‘ib ketayotgani aytilgan.
Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, mazkur fikrlar haqiqatdan yiroq. Ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham.
Videodagi voqea 21 - sentabr kuni taxminan soat 19.25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivida ro‘y bergan.
Qayd etilishicha, ayollarni avtobusga taklif qilishdan yagona maqsad – koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik me’yorlariga rioya qilish muhimligi haqida profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan.
Jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan fuqaro S.N. va N.R.lar sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan suhbat o‘tkazish uchun avtobusga chiqarilayotgan vaqtda videotasvirga tushirilgan.