Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:39

COVID-19: Tibbiyot xodimlaridan "ixtiyoriy" vaksinani olish va aholini targ‘ib qilish so‘ralmoqda


Tez yordam avtomobili - Toshkent
Tez yordam avtomobili - Toshkent

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEOJSX) mamlakatda COVID-19 ga qarshi emlanish mutlaqo ixtiyoriy, hech kim emlashga majburlanmasligini aytmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, vaksinatsiya aholi bilan ishlayotgan kuch ishlatar tizimlar va tibbiyot xodimlari uchun tavsiya qilinadi.

SEOJSX boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev AstraZeneca vaksinasi salbiy yon ta’siriga oid xavotirlardan cho‘chiyotganlarda aprel oyidan “Xitoy yoki Rossiya vaksinasini tanlash imkoni paydo bo‘lishi”ni ma’lum qildi.

Rasmiyga ko‘ra, Xitoy tomoni bilan ZF-UZ-VAC 2001 va Rossiya bilan “Sputnik V” vaksinalarini 1 million dozadan yetkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan, apreldan ilk partiyasi kelishi kutilmoqda.

Ayni paytda SEOJSX hududiy bo‘limlari, shu kunda birinchi bo‘lib emlanishi kerak bo‘lgan aholi uchun vaksina taqsimlangani, ayrim hududlarda hanuz kutilayotganini aytmoqda.

Turli viloyatlardagi tibbiyot xodimlari hamda aholi koronavirusga chalinib bo‘lgani bois, vaksinani olishni istamayotgani aytiladi. Ammo rahbariyat tibbiyot xodimlaridan emlanishni talab qilayotganiga oid shikoyatlar kelmoqda.

SEOJSXning Ozodlik suhbatlashgan Toshkent shahri va viloyati, Namangan, Sirdaryo, Xorazm viloyatlaridagi bo‘linmalari xodimlari, rahbariyat ulardan koronavirusga qarshi emlanish, aholini ham targ‘ib qilishni talab qilayotganini aytmoqda.

SEOJSXning Toshkent shahridagi bo‘linmalaridan birining xodimiga ko‘ra, hozir birlamchi emlanadigan guruhdagi aholiga oid ma’lumotlarning elektron bazasi shakllantirilgan. Ammo bu ro‘yxatga kiritilganlar orasida vaksina olishni istamayotganlar talaygina:

“Kasal bo‘lib bo‘ldik, deyapti ba’zilari. Ba’zilari qonni quyultirarkan, deb o‘ylashyapti. Lekin biz aholiga tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Ro‘yxatga olinganlarga ham aytyapmiz, bu yangi kasallik, faqat vaksinatsiya bilan to‘xtatish mumkin, u qonni quyultiradi, degan gap ham aniq isbotini topmagan, deyapmiz. Endi ixtiyoriy bu vaksina, olishni istamaganni majburlay olmaymiz”.

Namangan viloyatidagi SEOJSX tuman bo‘limlaridan birida ishlaydigan va ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan xodimaga ko‘ra, ular ham aholi vakillarini COVID-19 ga qarshi emlashga targ‘ib qilish haqida topshiriq olgan.

Aytishicha, hozir bu viloyatda birinchi bo‘lib emlanishi ko‘zda tutilgan aholi vakillari haqidagi ma’lumot - ismi-familiyasi, manzili va pasport ma’lumotlari elektron bazaga kiritilgan:

“Bizda ro‘yxatlar tuzib, topishirilgan. Ular elektron ro‘yxatga kiritilgan, shu birlamchi guruhdagilar. Ular emlanganidan keyin, sistemada registratsiya qilinadi. Ularga maxsus ma’lumotnoma beriladi keyin. Hozir Hindistondan kelgan vaksina (COVISHIELD vaksinasini nazarda tutmoqda - tahr.) qonni quyultirarkan, degan gaplar chiqdi, shunga odamlar qo‘rqyapti. Kasal bo‘ldik, endi emlanib nima qilamiz, deganlaram bor. Shunga bizga aholini ham targ‘ib qilinglar, deyishdi. Bu to‘g‘ri. Vaksinatsiyasiz bu kasalni to‘xtatib bo‘lmaydi”.

Bu xodimaning aytishicha, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va kuch ishlatar tizimlar xodimlariga emlanish “tavsiya qilinyapti”:

“Olinglar, sizlar aholi bilan kundalik muloqotda bo‘lasizlar, o‘zingizga yaxshi, deyishyapti. O‘zimiz epidemiyaga qarshi kurashib turib, vaksina olmaymiz, deyishimiz noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Men vaksina olaman, deb turibman. Lekin, ko‘pchilik, masalan men ham o‘zimizning Xitoy bilan chiqqan qo‘shma vaksinani kutyapman, sinovda qatnashganlarni taniyman, hech kimda oqibatlari bo‘lmadi”.

Ammo ayni idoraning Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi bo‘limida ishlaydigan xodimga ko‘ra, bu yerda aholi va stansiya xodimlarini majburiy emlanishi aytilmoqda:

“Emlanishga ko‘plab vrachlar qarshi chiqyapti, hech kimda emlanish niyati yo‘q. Lekin rahbariyat hammani majburlab bazaga ro‘yxatga olyapti. Vrachlar “trombapol” ichinglar, deb qolganlarga maslahat beryapti. Majburlab pasport seriyani qanaqadir bazaga kirityapti, olish majburiy ekan. Vrachlar ishdan haydalishdan qo‘rqib, indamay yuribdi. Bugundan qishloqlarda ham qariyalar olmaymiz, deb QVP lardan nomini o‘chirtirib ketyapti”, deb yozdi bu manba.

Ozodlik avvalroq Toshkent shahri va bir necha viloyatda, aholini koronavirusga qarshi emlashga mas’ul qilingan oilaviy poliklinika va qishloq oilaviy poliklinikasi xodimlari bilan ham suhbatlashgan edi.

Ular ham aholi orasida emlanishga istak sustligi kuzatilayotganini bildirgan.

Ozodlik turli viloyatlardagi tibbiyot xodimlarda yig‘ilgan ma’lumotlardan yuzaga kelgan savollar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga murojaat qildi.

Xizmat boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ayrim savollarga javob berdi.

Rasmiy vaksina mutlaqo ixtiyoriy bo‘ladi, aholi bilan ishlaydigan toifa egalari, jumladan tibbiyot xodimlariga “tavsiya” qilinadi, dedi:

“Emlash - mutlaqo ixtiyoriy, hech kim majburlanmaydi. Agar, biror tibbiyot xodimi, emlanmayman, desa majburlanmaydi. Ularga emlanish tavsiya qilinadi. Tibbiyot xodimlarining o‘zi buni yaxshi tushunishadiku, shuning uchun ular bilan vaksina masalasida muammo bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Apreldan Xitoy va Rossiyadan vaksina kelishini kutyapmiz, o‘shanda aholida yana qo‘shimcha tanlov imkoni paydo bo‘ladi”.

Rasmiyga ko‘ra, mamlakatga bepul olib kelingan 660 ming doza COVISHIELD (Astra Zeneca) vaksinasi, viloyatlarda shakllangan birlamchi xavf guruhidagi aholi soniga ko‘ra, turli hajmda taqsimlangan.

Hozircha 4 mln. 112 ming aholini yil oxirigacha emlab olish haqida gap bormoqda. Ammo, qolgan aholi qanday vaksina bilan emlanadi va emlash pullik bo‘ladimi - bu hozircha noma’lum.

“Hozircha emlash faqat bepul bo‘ladi, xavf guruhidagilar ixtiyoriy va bepul emlanadi. Lekin, qolgan aholini emlash tartibi endi ishlab chiqiladi va bu haqda sizlarga xabar beramiz”, dedi rasmiy.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga (SSV) ko‘ra, COVAX dasturi orqali COVID-19 ga qarshi bepul 660 ming doza COVISHIELD vaksinasi 17 - mart kuni Hindistondan Toshkentga olib kelingan.

Bu vaksina Buyuk Britaniyada chiqarilayotgan Oxford-AstraZeneca vaksinasi bilan ayni tarkibda, ammo boshqa nomda chiqayotgan vaksinadir. O‘zbekistonda aholini ommaviy emlash Navro‘z bayrami - 21 - martdan so‘ng boshlanishi aytilgan.

22 - mart kuni ushbu vaksinaga oid yana 2 ta muhim xabar paydo bo‘ldi. Xabarlardan biriga ko‘ra, AQShda o‘tkazilgan tadqiqot AstraZeneca shirkati koronavirusga qarshi ishlab chiqqan vaksina barcha yoshlardagilarni infeksiyadan samarali himoya qilishini ko‘rsatgan.

Garchi AstraZeneca vaksinasi 50 dan ortiq mamlakatda ro‘yxatga olingan bo‘lsa-da, AQShda undan foydalanishga hali rasman ruxsat berilgani yo‘q. Bundan tashqari, shirkat vaksinani o‘z vaqtida yetkazib bera olmayotgani uchun unga bo‘lgan ishonch kamaydi.

Yana bir xabarga ko‘ra, Norvegiyada mutaxassislar COVID-19ga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlangan yana ikki kishi vafot etgani yuzasidan tergov boshlagan.

Norvegiyada mazkur vaksina bilan emlanganidan so‘ng jami 4 kishi vafot etgan. Mutaxassislar o‘limga AstraZeneca bilan emlanganlik sabab bo‘lgani ehtimolini o‘rganmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG