O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 - noyabr kuni Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu Mirziyoyevning 24 - oktabr kuni ikkinchi muddatga qayta saylanganidan buyon xorijiy davlatga amalga oshiradigan ikki tomonlama ilk rasmiy tashrifidir.
Tashrif arafasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha ikkinchi forum o‘tkazilib, unda 9 mlrd dollarga teng kelishuvlar imzolangani ma’lum qilindi.
Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonni “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan yanada yaqinroq aloqalarga” chaqirdi.
30ga yaqin hujjat imzolanadi
19 - noyabr kuni Kremlda ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasida o‘tadigan muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari” muhokama qilinishi kutilmoqda.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning rus matbuotiga bildirishicha, uchrashuv yakunida ikki tomonlama qator hujjatlar imzolanishi kutiladi. Ammo Kreml ularning qanday hujjatlar ekanini ochiqlamadi.
Rasmiy Toshkent Mirziyoyevning Moskvaga kelishini “muhim voqea” sifatida talqin qilmoqda. Bundan oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham O‘zbekiston rahbarining tashrifi “katta yutuq bo‘lishi” haqida gapirgandi.
Mirziyov va Putin uchrashuvi doirasida 30 ga yaqin davlat hujjatlari imzolanishi kutilmoqda.
Rossiya O‘zbekistonni YeOII va KXShTga qo‘shmoqchi
Ekspertlar uchrashuv natijalari O‘zbekiston Kreml tomonidan tuzilgan Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilishiga olib kelishi borasida turli taxminlarni ilgari surmoqda. O‘zbekiston bilan savdo hajmini oshirib borayotgan Rossiya Toshkentning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga (KXShT) a’zo bo‘lishiga ko‘pdan beri umid qilayotgani sir emas.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiyaning “Kommersant’” gazetasiga shu yilning oktabrida bergan intervyusida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi nima sababdan kechikayotgani haqidagi savolga javob bergandi.
Komilov O‘zbekiston hukumati a’zolik bilan bog‘liq xavflarni o‘rganib chiqayotganini aytgan.
Komilov ayrim savollarga qaramasdan O‘zbekiston YeOII taqdim etayotgan imkoniyatlardan foydalanishni istashini ta’kidlagan. 2020 - yilning may oyida deputatlar O‘zbekistonning kuzatuvchi maqomi ma’qullanganidan buyon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining ikki majlisida ishtirok etdi.
Tashrif arafasida Moskva shahrida ikkinchi Ta’lim forumi va O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning navbatdagi II-Forumining qo‘shma tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi arafasida bu tadbirlarda so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonni “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ishiga yanada yaqinroq kirishishga” chaqirdi.
"Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida ikkinchi o‘rinni egallab turgan yetakchi savdo hamkorlaridan biridir. Hatto pandemiya sharoitida ham o‘zaro iqtisodiy hamkorligimiz rivojlanishda davom etmoqda. Joriy yilning o‘tgan oylarida uning o‘sishi 6 foizdan ortiqni tashkil etdi”, - dedi Putin.
Prezident Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik II forumi ishtirokchilariga videomurojaat ham yo‘lladi.
Tashrifi arafasida Rossiya hukumati O‘zbekistonni qator imtiyozlar bilan siylashga tayyorligini ham namoyish qildi.
Jumladan, Putin hukumati keyingi o‘quv yilida o‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida bepul ta’lim olish kvotalari miqdorini 750 o‘ringa oshirishi mumkinligini aytgan. Bu haqda xabar bergan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bu ko‘rsatkich 2018 - yilga nisbatan uch baravar ko‘p ekanini bildirdi.
Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov esa, Kreml ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarda rublga o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi. Reshetnikov rubldagi hisob-kitoblarni kengaytirish shaxsan Putinning topshirig‘i bo‘lganini qayd etdi.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram- kanalida hafta boshida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Rossiya fond bozorida jami 15 mlrd. rubllik obligatsiyalarni joylashtirganini bildirdi.
“Katta ehtimol rublda jalb qilinadigan mazkur qarz aynan Rossiyadan rublda tovar va xizmatlar sotib olishga yo‘naltiriladi. Xalq tilida aytganda, bo‘yinturuqning qolipi o‘zimizdan chiqariladi. Rossiya bilan tashqi savdo salbiy saldosi o‘tgan 9 oyda 2,2 mlrd.dollarga yetgan. Ya’ni biz ularga sotayotganimizdan sotib olayotganimiz shunchaga ko‘p".
Bakirovga ko‘ra, rubldagi hisob-kitoblar "qo‘shnilariga doimiy tahdidda bo‘lgan ehtimoliy agressor bilan salbiy saldo hajmini yanada ko‘paytiradi".
Rossiya O‘zbekistonni o‘zining “atom” loyihasiga – respublika hududida AES qurishga ham undab keladi. 2018 - yilda tuzilgan hukumatlararo bitimga muvofiq, "Rosatom" davlat korporatsiyasi VVER-1200 reaktorli "uch plyus" avlodining ikkita energiya bloki majmuasini Jizzax viloyatida qurishi kutilmoqda.
Ammo aftidan, taklif etilayotgan “imtiyozlar”ga qaramasdan, O‘zbekiston bilan muzokaralar Vladimir Putin hukumati uchun oson kechmayotgan ko‘rinadi.
2021 - yilning oktabr oyi o‘rtalarida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Jahon savdo tashkiloti (JST) vakillari bilan tashkilotga a’zo bo‘lish masalalarini muhokama qilgandi. Tomonlar 2021 - yil oxirigacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildi.
Oldinroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekiston uchun ustuvor maqsad ekanini ta’kidlagandi. Safoyev YeOII xususida jamoatchilik ichida ko‘plab ixtilofli fikrlar mavjudligini qayd etgan.
Tahlilchi: O‘zbekiston Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilishga tayyor
Ozodlik suhbatlashgan Moskvadagi Karnegi Markazi konsultanti, siyosiy tahlilchi Temur Umarov Toshkentning Rossiya tuzilmalariga qo‘shilishga shoshilmayotgani ortida siyosiy va iqtisodiy manfaatlar yotibdi, degan fikrda.
- Mavjud ma’lumotlarga tayangan holda, bu tashrifning cho‘zilishi bilan Mirziyoyev komandasi Rossiya Ittifoqiga kirish uchun o‘ziga imkon qadar foydali sharoitlarni savdolashdi, degan fikrdaman. Shu sababli 2019 - yilda bo‘lishi rejalashtirilgan bu tashrif 2020 - yilga, keyin pandemiya bahonasida yana bir yarim yilga surildi. Vaholanki, bu tashrif Moskvada koronavirus pandemiyasining eng avjiga chiqqan pallasida amalga oshirilmoqda. Gap shundaki, tomonlar uzoq vaqt tariflar masalasida kelisholmayotgandi: O‘zbekiston ichki ishlab chiqaruvchini himoyalovchi baland import bojlariga ega, ko‘plab sohalarda monopoliyaga ega. Ikkinchi masala – migratsiya: O‘zbekiston bu masalada o‘z mehnat muhojirlari uchun Rossiyada ishlashga ko‘proq imtiyozlarni savdolashib olmoqchi.
Tahlilchi O‘zbekiston KXShTga bo‘lmasa ham, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilishga ancha oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelayotganiga ishonishini ayotadi. Uning fikricha, O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchilik maqomini olishi bunga dalil bo‘ladi:
- Tomonlarga kuzatuvchilik qilayotgan O‘zbekiston bilan ayrim masalalar – imtiyozlar, necha yil bo‘lishi, ishlab chiqarishdagi ayrim yuqori bojlarning saqlanishi va boshqasi bo‘yicha kelishishi qoldi. Rossiya allaqachon bir qancha yengilliklarni berganini, ikki davlat o‘rtasida rubl muomalasi kiritilishi e’lon qilib bo‘ldi; 158 ming o‘zbek migrantiga amnistiya berildi, ikki davlatto‘rtasida muhojirlarni olib kirish kanallari ochildi, o‘zbekistonliklarga 15 kun qaydga turmasdan yashash imkoni berildi... O‘zbekistonga million gektar yerni arendaga berishga kelishildi, rus maktablari va o‘quv yurtlari ochildi. Shuning o‘zi yetarli emasmi xulosa qilishga? , deydi siyosiy tahlilchi Temur Umarov.
Afg‘oniston masalasi
Toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazir fikricha, ikki davlat muzokaralarida Afg‘oniston masalasi ko‘tarilishi tabiiy.
- Hozir “Tolibon harakatini kim birinchi bo‘lib tan oladi” degan masalasa turibdi. Xitoy Rossiya tan olishini istayapti. Menimcha, bular O‘zbekistonga birinchi bo‘lib bu terrorchilarni tan oldirmoqchi! Xitoy va Rossiya O‘zbekiston orqali toliblar bilan aloqa qilmoqchi. Yana bir masala ko‘tariladi: Rossiya Markaziy Osiyoda yangi harbiy baza ochish niyatida. Shu bahonada O‘zbekistonni KXShTga qo‘shib olish. Afg‘onistonda IShID kuchayib borayotganini kecha BMT ham tan oldi va bundan Rossiya foydalanadi, deb o‘ylayman, deydi Anvar Nazir.
O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil bahoriga mo‘ljallangan Moskvaga rasmiy tashrifi pandemiya sabab noma’lum muddatga qoldirilgan edi.