Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:43

Mirziyoev ziyolilarni o‘zbekistonlikning AQShdagi hujumi haqda yozmagani uchun tanqid qildi


Nyu-Yorkda politsiyasi o‘tkazgan matbuot anjumanida taqdim qilingan Sayfullo Soipovning surati, 1 noyabr, 2017-yil.
Nyu-Yorkda politsiyasi o‘tkazgan matbuot anjumanida taqdim qilingan Sayfullo Soipovning surati, 1 noyabr, 2017-yil.

Prezident Mirziyoev jinoyatchilikka qarshi kurash mavzuida o‘tgan videoselektorda o‘zbekistonlikning AQShda terror hujumi sodir etgani haqda yozmagan davlat, jamoat tashkiloti rasmiylarini keskin tanqid qildi.

Mirziyoevning so‘zlaridan u 31 oktabr kuni Nyu-York shahrida yuk mashinasi bilan yo‘lovchilarni bostirgan 29 yashar o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov​ni nazarda tutganini tushunish mumkin.

Soipovning ismini tilga olmagan prezident uni "bizning elimizga mansub emas", deb ta’rifladi va huquq-tartibot idoralari, "Mahalla", "Nuroniy" kabi jamoat tashkilotlarini o‘z vaqtida o‘zbekistonlikning ota-onasi bilan ishlamagani uchun qoraladi.

O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan va prezident Mirziyoevning o‘zi o‘tkazgan videoselektor yig‘ini 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Ammo, ushbu videoning uzun versiyasi kuni kecha Youtube portaliga joylashtirildi.

Yig‘ilishda prezident o‘zbekistonliklarning mamlakat ichida va xorijda sodir etayotgan jinoyatlarining oldini olish hamda bu masalaga, nafaqat huquq-tartibot idoralari, balki jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari ham e’tibor qaratishi shartligini ta’kidladi.

Xususan, Suriya va Iroqdan qaytayotgan radikal kayfiyatdagi O‘zbekiston vatandoshlari va AQShning Nyu-York shahrida terrorlik hujumini sodir etgan o‘zbekistonlik masalasiga to‘xtaldi.

"Iroqdan qaerga ketadi ular? Mana Amerikaga borib, terrorist bo‘ldi, bizning O‘zbekiston fuqarosi. Boshqa joylarda bo‘layapti mana. Shuncha masjidlarni nima uchun qilayapmiz? Masjidga borib ibodat qilganning dunyoqarashi o‘zgarishi kerak... Bironta begona odam, bironta bolamiz qaerda yurgani, chetda nimaga yuribdi? Uni mana Amerikaua 2010 yil ko‘chib ketgandi, ota-onasi O‘zbekistonda-ku?! Qayoqqa qarayapmiz?!" dedi matndan chiqib gapirgan prezident.

So‘ngra u mamlakatdagi OAV va jamoat tashkilotlari rahbarlariga yuzlanarkan, ularni bu masalaga e’tibor qaratmaganlik, bu haqda maqola yozmaganlikda aybladi:

"Bironta ziyoli, bironta "Mahalla", bironta "Nuroniy" (vakili) maqola yozmadi-ya, "bizning elimizga mansub emas", deb?! Qani "Mahalla", qani "Nuroniy", qani ziyoli? Bitta masjidda imom-xatiblar xulosa qilsa bo‘lardi, buni!", dedi his-hayajonga berilib, majlisda yig‘ilganlarga tanbeh bergan prezident.

Shu yilning 31 oktabr kuni Nyu-York shahrida 29 yashar o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov terrorchilik amalini sodir etdi va natijada 8 kishi qurbon bo‘ldi, 12 odam jarohatlandi.

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, hodisa joyida qo‘lga olingan 29 yashar Sayfullo Soipov Qo‘shma Shtatlarga 2010 yilda borgan.

Politsiyaning aytishicha, bu shaxs kiraga avtoulov olib, uni Menxettendagi velosiped haydovchilari va piyodalar ustiga haydagan, so‘ngra maktab avtobusiga borib urgan. Qo‘lida peyntbol quroli va pnevmatik to‘pponcha bilan voqea joyidan qochishga uringan kezda, politsiya uni hibsga olgan. Ayni paytda, unga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Bu AQShda avtoulovni odamlar ustiga haydash yo‘li bilan amalga oshirilgan birinchi terror harakati bo‘ldi. Bunga qadar bunday hujumlar Yevropaning qator davlatlarida amalga oshirilgan edi.

Bundan tashqari, bu hujum Nyu-Yorkda 2001 yil, 11 sentabrida Jahon Savdo markazining egizak binolari qulaganidan beri amalga oshirilgan eng qonli terror hujumi, deb qayd etildi.

Ozodlik bu hodisadan so‘ng Sayfullo Soipovning Toshkentdagi yaqinlarini topishga muvaffaq bo‘lgan va xususan, Soipovning Toshkentda yashaydigan 27 yashar singlisi Umida Soipova xorijda akasining “miyasini zaharlashgan”, deb hisoblashini aytgan edi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi Nyu-Yorkdagi teraktni sodir etgan Soipov “radikal guruhlar ta’siriga AQShda tushib qolgan”, deb bayonot tarqatgan, ayni mazmunda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham bayonot bergan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG