Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:55

OzodDayjest: Olmaliq hokimining “shumaxer” o‘g‘li 17-bor jarimaga tortildi


Hokimning o‘g‘li poytaxt ko‘chalarida 200 km/s tezlikda harakatlandi
Hokimning o‘g‘li poytaxt ko‘chalarida 200 km/s tezlikda harakatlandi

Bosh vazir o‘rinbosari: “Kambag‘allikni odamlarga pul tarqatib qisqartirib bo‘lmaydi”, deb bildirdi. Namanganda birvarakayiga 31 mahalla raisi ishdan bo‘shatildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Namanganda birvarakayiga 31 mahalla raisi ishdan bo‘shatildi

Namangan viloyati Pop tumanida birdaniga 31 nafar mahalla raisi o‘z vazifasidan ozod etildi (“Mahalla” gazetasi, 1 -oktabr).

Ommaviy ravishda bo‘shatilgan raislar bu holatdan norozilik bildirgan.

“Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi chaqirilib, mahalla raislariga ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozish aytildi. Ushbu ko‘rsatmaga amal qilmaganlar nohaq ayblanib, tuman kengashi tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida o‘z vazifasidan ozod etildi... Tuman mutasaddilariga barcha ko‘rsatmasini so‘zsiz bajaradigan xodimlar kerak. Shuning uchun sohadagi kadrlarni yoshartirish bahonasida o‘zlariga yoqadigan fuqarolarni mahalla raisi qilib olishdi. Vazifasidan ozod etilganlar ro‘yxatiga yaxshi ishlaydigan, ammo haqiqatni yuzga aytadigan raislar kiritildi” , - deydi “Yangi Xo‘jabod” mahallasining endilikda sobiq raisi Farog‘atxon Boboxonova.

“Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, mahalla raisini o‘sha hududda yashaydigan fuqarolar saylaydi. Shunday ekan, hokimning birgina ko‘rsatmasi bilan ularni vazifasidan ozod etish qanchalik to‘g‘ri?!” - deya savol qo‘yadi gazeta.

17-jarima: Hokimning o‘g‘li poytaxt ko‘chalarida 200 km/s tezlikda harakatlandi

Toshkent viloyati Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li Dilshod Ismoilov yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 17-marta jarimaga tortildi (www.gazeta.uz, 1 - oktabr).

Toshkent IIBBga ko‘ra, yo‘lda avariya holatini yuzaga keltirgan qoidabuzarning Tracker avtomobili (davlat raqami 01K550XA) jarima maydoniga qo‘yilgan.

30 - sentabr kuni 20 yoshli Dilshod Ismoilov TikTok va Instagram orqali Toshkent ko‘chalarida 150-160 km/s tezlikda harakatlanib, haydovchilar va piyodalar uchun xavfli vaziyatni yaratgani tasvirlangan videoyozuvlarni e’lon qildi.

Yozuvlardan birida tezlik ko‘rsatkichi 200 km/s ekani aks etgan. Poytaxt ko‘chalarida “shumaxer”lik qilgan haydovchi yo‘l qoidasini buzgani uchun to‘lagan avvalgi jarimalarini ham ko‘z-ko‘z qilgan.

YHXB ma’lumotiga ko‘ra, D.Ismoilov 2019-2020 - yillarda tezlikni me’yordan oshirgani uchun 16 marta jarimaga tortilgan.

Olmaliq hokimi Usmon Rahimov Gazeta.uz muxbiri bilan suhbatda videoning to‘rt-besh oy muqaddam tushirilgani va o‘shandan buyon o‘g‘liga rulga o‘tirishni taqiqlaganini ma’lum qilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari: “Kambag‘allikni odamlarga pul tarqatib qisqartirib bo‘lmaydi”

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish omillari haqida ma’lumot berdi (www.kun.uz, 25 - sentabr).

“2020 - yilning yanvarigacha kambag‘allik ochiq-oydin tan olinmagandi. Kambag‘allikni odamlarga pul tarqatib qisqartirib bo‘lmaydi. Kambag‘allikni tadbirkorlikni, ta’limni, sog‘liqni saqlashni rivojlantirib qisqartirish mumkin. Odamlarda sog‘liqni saqlashdan va ta’limdan yaxshi foydalanish imkoni bo‘lmaydigan bo‘lsa, ular borgan sari kambag‘allashadi va iqtisodiyotda talab kamayadi. Iqtisodiyot o‘zining yuqori malakali xodimlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplolmaydi va o‘sish pasayadi”, - deb ta’kidlagan u.

Ma’lum qilinishicha, 2020 - yilning boshida har oyda 552 ming oilaga moddiy yordam berilgan.

Iyun oyida bu ko‘rsatkich 774 ming, iyul oyida esa 876 mingga yetdi. Yil oxiriga borib ijtimoiy nafaqa berilgan oilalar soni 1 million 200 mingga yetishi ko‘zda tutilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG